Fe’l turkumiga xos differensiatsiya | Статья в журнале «Молодой ученый»

Отправьте статью сегодня! Журнал выйдет 30 ноября, печатный экземпляр отправим 4 декабря.

Опубликовать статью в журнале

Библиографическое описание:

Хабибджонов, И. Т. Fe’l turkumiga xos differensiatsiya / И. Т. Хабибджонов. — Текст : непосредственный // Молодой ученый. — 2017. — № 4.2 (138.2). — С. 51-52. — URL: https://moluch.ru/archive/138/39061/ (дата обращения: 18.11.2024).



Fe’llarga qo‘shilib, ish-harakatning tugallanmaganligini, davomiyligini ifodalovchi -la qo‘shimchasi ham bir-ikki fe’l bilan cheklanmaydigan, bir necha fe’llarga qo‘shilib, shu ma’noni ifodalaydigan elementdir. U quvmoq ishqamoq savamoq cho‘qimoq kabi fe’llarning o‘zaklariga qo‘shilib, davomiyliq tugallanmaganlik ma’nolarini bildiradi: quvlamoq ishqalamoq, savalamoq, cho‘qilamoq kabi. Biroq, – la qo‘shimchasini olgan fe’llar faqat davomiylikni bildirib qolmasdan, bunday variantlardan qay biri qaysi o‘rinlarda, kimga, nimaga nisbatan ishlatilishiga qarab ham farq qiladi. Masalan, savamoq so‘zi odatda paxta, jun kabilarni ishlashga oid tushunchani, savalamoq esa biror kimsani ko‘p urish ma’nosini ifodalashda ishlatiladi. Biror kimsaga nisbatan (ko‘chma ma’noda)«qattiq gapirmoq uni urishib bermoq» ma’nosida cho‘qilamoq formasi emas, cho‘qimoq so‘zi ishlatiladi: Men senga ikki cho‘qiganingda qochadigan qizlardan emasman, frontchi yigitman. (I.Rahim, Chin muhabbat).

Titkilamoq, turtkilamoq, tortqilamoq, ezg‘ilamoq, cho‘zg‘ilamoq so‘zlarida ham titmoq, turtmoq, cho‘zmoq fe’llariga nisbatan ish-harakatining davomiyligi ifodalanadi. Biroq ajratib ko‘rsatilgan affikslardan har biri qo‘llanish darajasi –la affiksiga nisbatan ancha tor bo‘lib, ulardan har bir ikki-uch fe’lgagina qo‘shila oladi.

Ba’zi fe’llarning o‘rta qismida (odatda o‘zak bilan yasovchi qo‘shilgan oralig‘ida) a element ishlatilib, davomiylik bildiriladi. Otga solsang, beda sol, qisir-qisir chaynasin. Qizing bo‘lsa yoshga ber, quvalashib o’ynasin (Folklor).

Shu a tovushi ag‘namoq fe’lining ham o‘rta qismida paydo bo‘ladi: ag‘anamoq kabi. Ammo bunda, ma’nodagi o‘zgarish, farq yuzaga kelmaydi. Bu hol izohli lug‘atda uni ag‘anamoqqa havola qilish yo‘li bilan to‘g‘ri ko‘rsatilgan.

Xuddi shuningdek, fe’llarning chaymoq-chayqamoq ochmoq-ochqamoq variantlari orasida davomiylik nuqtai nazaridan farq borday ko‘rinsa-da, aslida farq yo‘q. Chayqamoq so‘zi chaymoqning barcha ma’nolarida farqsiz ishlatilsa-da, undan tashqari «boshni uyon-buyonga tebratmoq» ma’nosida ham ishlatiladi: Pogodin bu so‘zlarni eshitib, norozilik ma’nosida boshini chayqadi (SH. Rashidov. Bo‘rondan kuchli). Bu ma’noda chaymoq so‘zi ishlatilmaydi. Chaymoq so‘zining izohli lug‘atda uchinchi ma’no qilib berilgan «cho‘miltirmoq (chorva mollarini)» otni chaymoq ma’nolari g‘ayri odatiydir. Bu hol chaymoq so‘ziga nisbatan chayqamoq so‘zining ko‘proq ma’noda, kengroq, qo‘llanishini ko‘rsatadi. Demak, u asosiy variant hisoblanadi, shuning uchun lug‘atda chayqamoq so‘zining barcha ma’nolari bilan to‘la izohlash, chaymoq so‘zini esa qaysi ma’nolarda ishlatilishini ko‘rsatgan holda, chayqamoq so‘ziga havola qilish o‘rinli bo‘lar edi.

Bu faktlar, o‘zbek tilida muntazam davomiylik, tugallanmaganlik bildiruvchi suffikslar yo‘qligini, shuning uchun fe’llarni ruscha sovershennыy vid, nesovershennыy vidlarga bo‘lish o‘rinsiz ekanini ko‘rsatadi.

Aslida surmoq so‘zining affiksal variantlari bo‘lmish surtmoq va surkamoq so‘zlari keyincha yuz bergan semantik differensiatsiya tufayli asosiy variantdan keskin farq qiluvchi alohida so‘zlarga aylanib ketgan. Surmoq fe’lining asosiy ma’nosi «itarib bir joydan boshqa joyga ko‘chirmoq, jildirmoq» bo’lsa, surkamoq va surtmoq so‘zlarining asosiy ma’nosi «badanga yoki biror narsa sirtiga yuqadigan, singadigan moddani tegizib biror narsa bilan yopmoq», masalan, yaraga dori surkamoq (surtmoq), etikka moy surkamoq (surtmoq), taxtaga bo’yoq surkamoq (surtmoq) kabi. So‘nggi variantlar ishqamoq ma’nosida ham keladi, lekin bu ularning ikkinchi ma’nosidir. «Ikki narsani bir-biriga surkamoq» esa ishqamoq so‘zini asosiy ma’nosidir. Ishqalamoq esa, yuqorida aytilganidek, ishqamoq fe’lining davomiylik bildiruvchi variantidir.

Fe’llarda leksik differensiatsiyani muntazam yuzaga chiqaruvchi affiksal variantlarning katta bir guruhi sifatida fe’llarda nisbat ifodalovchi qo‘shimchalarni ko‘zdan kechirish mumkin.

Hozir bosh daraja kel, bil, o‘qi kabi fe’l o‘zaklari hamda ishla, oqla, sana, tinchi kabi fe’l bo‘lmagan so‘zlardan yasalgan fe’lning yasama negizlari bilan ifodalanadi. O‘zlik daraja asosan -(i) n, kamroq ~(i) l qo‘shimchasi, majhul daraja asosan — (i) l, kamroq — (i) n qo‘shimchasi, birgalik darajasi -(i) sh qo‘shimchasi vositasida ifodalanadi. Orttirma darajada esa -dir // -tir, gaz// -kaz // -kaz // -gaz hamda — giz // — kiz // — qiz // -g‘iz kabi affiksal variantlar vositasida ifodalanadi.

O‘zlik nisbatini ifodalashdagi asosiy vosita — (i) n affiksining — (i) l dan keyingi bir varianti sifatida -(n) sh qo‘shimchasi ham ishlatiladi: joyla+n — joyla+sh kabi.

Bu misolda shu narsa diqqatga sazovorki, -n va -sh affikslari kelib chiqish jihatidan turlicha bo‘lib, ular tom ma’noda bir affiksining ikki varianti emas, ammo ular bir xil fe’lga qo‘shilib, shu fe’lning o‘zlik darajadagi ikki variantini yuzaga keltirgani uchun keng ma’noda ularni (-n va -sh qo‘shimchalari) o‘zlik daraja yasovchi affiks variantlari deyish mumkin.

Bunday hol boshqa darajalarda ham bor. Masalan, -dir // -tir bilan -giz// -kiz qo‘shimchalari ba’zan bitta fe’l o‘zagiga qo‘shilib, orttirma darajadagi fe’l variantlarini yuzaga keltirishi mumkin: (ovqatni) yedir — yegiz, (etikni) kiydir — kiygaz, (eshikni) ochtir — ochkiz kabi. Bu jihatdan bitta fe’lga qo‘shila oladigan bunday qo‘shimchalar ham keng ma’noda orttirma daraja yasovchi affiks variantlari bo‘ladi. O‘z-o‘zidan ma’lumki, bunday affiks variantlari vositasida shakllangan so‘zlar so‘zning affiksal variantlari deyiladi.

Ba’zan bir so‘zga qo‘shilib, uning affiksal variantlarini yuzaga keltiruvchi affiks variantlari, muayyan sharoitda bir-biridan farq qiluvchi, boshqa-boshqa so‘zlar hosil qiluvchi alohida (mustaqil) affikslarga aylanib ketishi mumkin. Masalan, -kaz va qaz (ba’zan -kiz va qiz) qo‘shimchalari bitta fe’lga qo‘shilib orttirma nisbatdagi fe’l variantlarini hosil qilishiga misollar uchrab turadi. Masalan: Elakdan o‘tkazmoq — o‘tqazmoq (o‘tkizmoq), ko‘prikdan o‘tkazmoq — o‘tqazmoq (o‘tkizmoq) kabi bir xil ma’noda ishlatilar edi. Keyincha o‘tkazmoq asosan ruscha «provodit, pomoch, ili zastavlyat proyti, propuskat, dat dorogu, perevesti» kabi ma’nolarda, o‘tqazmoq esa asosan «usajivat, sajat, posadit (rasteniy), poselyat» kabi ma’nolarda qo‘llanadigan bo‘lib qoldi. Bu hol o‘zbek tili filologik lug‘atlarida to‘g‘ri aks ettirilgan.

Kishilarning turlicha narsa va tushunchalarni farqli til vositalari bilan ifodalashga intilishi va bu intilishga muvofiq uzoq davom etgan til taraqqiyoti tufayli yuzaga kelgan bunday nutq aniqligidan to‘g‘ri foydalanmaslik, masalan, o‘zlik va majhul nisbatlarni ifodalovchi affikslarlarni farqlamaslik, ularni qorishtirish hodisasi uchrab turadi: Zog‘chako‘z qorong‘ida hassasini bosishga joy topolmay, turtinib bir do’ng yerga qoqilib ketdi (P.Tursun. O‘qituvchi). Mening churuk kavushim o‘lgur ba’zan cho‘plarga ilinib, qoqilib ketaman (Oydin. Sadag‘ang bo‘lay, komandir).

Bu misollarda majhul nisbatidagi qoqilmoq fe’li o‘zlik ma’nosida ishlatilgan, chunki o‘zlik nisbati harakat obyektining o‘zi tomonidan bajarilganini bildiradi: yuvindi — o‘zini o‘zi yuvdi; kiyindi — bu fe’l o‘zagidan anglashilgan ish-harakatni subyektning o‘zi bajaradi, qoqindi so‘zidan ham shu fe’ldan anglashilgan harakat subyektning o‘zi tomonidan yuzaga chiqarilgani ifodalangan. -il ko‘shimchasi bilan yasalgan majhul fe’llar esa ish yo harakat ko‘zda tutilgan predmet, yo subyekt tomonidan emas, balki kimdir — boshka kimsa tomonidan qilinganini bildiradi: xat o‘qildi, ish bajarildi, mix qoqildi kabi.

Аdabiyotlar:

  1. Раҳматуллаев Ш. Ўзбек тилининг этимологик луғати. Тошкент: «Университет» нашриёти, 2000. 36,264-бетлар.
  2. Ҳожиев А. Лингвистик терминлар изоҳли луғати. Тошкент: «Ўқитувчи», 1985.
  3. Шукуров Р. Сўз вариантларининг лексик-семантик дифференциацияси. T. Фан. 2006 йил.
  4. Ҳожиев А. Лингвистик терминлар изоҳли луғати. Тошкент: «Ўқитувчи», 1985.


Задать вопрос