“Yillar, asrlar sinovida toblangan, ko’pni ko’rgan, bugun erkinlik havosidan nafas olib yashayotgan, o’z qadr-qimmatini, insoniy sha’nini, ne-ne ulug’ zotlarning vorislari ekanini, o’zligini anglagan, milliy g’urur va iftixorini tiklagan, xalqaro maydonda o’ziga munosib o’rin egallab borayotgan, o’z kuchiga va ertangi kuniga ishongan, o’z yurti, o’z farzandlarining kelajagi farovon bo’lishiga intilayotgan bizning xalqimizni hech qanday kuch to’xtata olmaydi.” Yurtboshimizning bu fikrlari yoshlarni doim izlanishda bo’lishga chorlaydi. Buning ustiga yurtmizda yoshlarga bo’lgan e’tibor yuksakdir. Prezidentimizning 10.12.2012 yildagi “Chet tillarni o’rganish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari” to’g’risidagi qarorlariga muvofiq yurtimizda yosh avlodga xorijiy til o’rgatish yanada kuchaytirildi.
Biroq chet til o’rgatish juda mas’uliyatli kasbdir. O’qituvchilar juda bilimli va shu bilan bir qatorda sabrli bo’lishlari lozim. Chunki bolalar til o’rganish davomida ko’plab qiyinchiliklarga duch kelishlari tabiiydir.
Ma’lumki, ingliz va o’zbek tillari turli til oilalariga mansub. Bu esa til o’rganuvchilariga fonetik, leksik va grammatik qiyinchiliklarga sabab bo’lishi mumkin.
O’rta maktablarda talaffuzni o’rganishda o’quvchilar talaygina qiyinchiliklarga duch keladilar. Jumladan:
- [θ] va [ð] tovushlarini o’rganishda deyarli barcha o’quvchilar qiynaladilar. Bunga sabab o’zbek tilida tish oralig’i tovushlarining yo’qligi. Bizning bolalarimiz tili bu tovushlarning talaffuziga ko’nikma xosil qilmagan.
- [r] tovushining ingliz tilidagi talaffuzi ozbek tilidagi р dan farq qilgani uchun o’quvchilar bu tovush talaffuzida ham qiynaladilar.
- [t, d] tovushlarining talaffuzi ham ikkala tilda bir xil emas. Shuning uchun ularning talaffuz etilshi ham ba’zi o’quvchilarga qiyinchilik tug’diradi.
- [w] tovushi ham o’zbek tilida mavjud emas. Bu tovushni to’g’ri talaffuz qilishda ham o’quvchilar bir oz qiyinchiliklarga duch keladilar. Uni talaffuz etishda o’zbek tilidagi [v] bilan adashtiradilar.
Yuqorida keltirilgan tovushlarni to’g’ri talaffuz qilishni o’rgatish uchun o’qituvchi tilning joylashuvini imkon qadar amalda ko’rsatib bolalarga aniq tushuntirib berib, takrorlash mashqlari orqali muntazam tekshirib, o’quvchilarning talaffuziga har dars alohida e’tibor berib borsa, mazkur tovushlardagi qiyinchiliklar ham bartaraf etiladi.
Bundan tashqari quyidagi holatlar ham o’quvchilar uchun fonetik qiyinchiliklarni yaratadi:
- e harfining so’z ohirida talaffuz etilmasligi — apple, Pete;
- gh harf birikmasining so’z o’rtasida o’qilmasligi — eight, night;
- k harfining so’z boshida n dan oldin talaffuz etilmasligi — knock, knee va bir qator boshqa qiyinchiliklarni kuzatish mumkin.
Tajribamga tayanib shuni ayta olamanki, o’zbek o’quvchilarning aksariyat qismiga xos bo’lgan qiyinchilik bu ko’plik yoki zamon yasovchi qo’shimchalar qo’shilgandagi talaffuzida suffikslardan oldin [Ə] tovushini qoshib talaffuz etishlaridir: books [bu’kƏs], happened [hæpƏ’nƏd]. Ko’rinib turibdiki, bunday keraksiz tovushni qo’shish orqali ular so’z urg’usining ham o’rnini o’zgartirmoqdalar. O’quvchilarning transkripsiyani o’qiy olmasliklari ham alohida bir muammodir. So’zlarning to’g’ri talaffuzini o’rgatish tovushlarni ifodalovchi belgilarni ham o’rgatish lozim.
O’rta maktablarda ingliz tili o’rgatishda uchraydigan grammatik qiyinchiliklar xususida gapirilganda, o’quvchilar ko’plab qiyinchiliklarga duch kelishlarini aytish joiz. Kishi tilidagi hamma so’zlarni bilsa-yu, gaplar, so’zlar o’rtasidagi bog’lanishlarni bilmasa, u nutqning mazmunini tushunishga qiynaladi. Shuning uchun o’rta maktablarda o’quvchilarga grammatikani o’rgatish judayam muhimdir. Agar o’quvchi grammatik ko’nikmalarni yaxshi egallamagan bo’lsa, u o’z fikrini to’g’ri bayon eta olmaydi. Gapirishda, yozishda va tarjimada qiynaladi.
Til grammatikasi o’ziga xos murakkab sistemadir. Shuning uchun ham uni o’zlashtirish oson emas. Maktab o’quvchilari quyidagi qiyinchiliklarga odatda duch keladilar:
- Artikl muammosi. Buni grammatika o’rganishdagi eng katta muammo desa ham bo’ladi. Ko’pchilik ingliz tili o’rganuvchilar bilan suhbatlashib ko’rganimizda, deyarli hammalari ingliz tili grammatikasini o’zlashtirishlarida asosan artikl va zamonlar qiyinchilik tug’dirishini aytganlar. Darhaqiqat, o’zbek tilida aynan artikl so’z turkumi bo’lmagani uchun uni qo’llashda va tarjima qilishda qiynaladilar.
Artikl qoidalarni yod olish kerak. Biroq qoidalardagi talaygina istisno holatlari o’rganuvchilarga, ayniqsa maktab yoshdagilarga, uni o’zlashtirishni murakkablashtiradi. Tarjimasi aniqroq qilib o’rgatilsa, o’quvchilar artiklni qo’llashda ko’p qiyinchiliklarga uchramaydilar. Masalan: noaniq artikl bir, qandaydir bir deb, aniq artikl esa o’sha, haligi deb tarjima qilinadi deb o’rgatish mumkin.
Bir so’z bilan aytganda, artiklning ishlatilish holatlarini bolalarga misollar yordamida qayta-qayta tushuntirilsa, ingliz tilidagi bu yordamchi so’z turkumini o’zlashtirishdagi qiyinchiliklarni kamaytirib bartaraf etsa bo’ladi.
- Ingliz tili grammatikasini o’zlashtirishdagi qiyinchiliklardan yana biri predloglardir. O’zbek tilida predloglar kelishik qo’shimchalari bilan ifodalanadi. Ingliz tilida esa kelishik qo’shimchalari predloglar orqali ifodalanadi. Jumladan, o’zbek tilidagi o’rin-payt kelishigi, ingliz tilida in, on, at predloglari bilan ifodalanishi mumkin. Masalan:
in — in January, in 2015, in a week
on — on Monday, on January 15, on birthday
at — at the weekend, at 10 o’clock
O’rin payt kelishigining qo’shimchasi, o’rin joyni bildirganda ham ingliz tilida yuqoridagi predloglardan foydalanamiz. Masalan:
in — in Uzbekistan, in Madrid, in our week
on — on the sofa, on the table
at — at the station, at school
- ingliz va o’zbek tillarida so’z tartibining o’xshash emasligi. Ma’lumki, ingliz tilida so’z tartibi qat’iydir, aksariyat hollarda darak gap boshida doim ega turadi ketidan esa kesim keladi. O’zbek tilida esa gap bo’laklari o’rnini almashtirsak ham ma’nosi o’zgarmaydi. Tarjimada esa o’quvchilar qiyinchiliklarga uchraydilar.
Metodistlar fikriga ko’ra, ingiliz tili grammatikasini o’rgatishda, avvalambor, grammatika minimumini to’g’ri tanlash va ingliz tili grammatikasini o’ziga xos xususiyatlarini inobatga olish taqozo etiladi. Ingiliz tili grmmatikasini o’ziga xos qiyinchliklari va xususiyatlari quydagilar: ingiliz tilidagi noto’g’ri fe’llar mavjudligi, ingliz tilidagi gap qurilishni qat’iyligi, ingliz tilidagi artikillar, predlog va zamonlarning ko’pligidir. Shu kabi xususiyatlar ingliz tili grammatikasini o’zbek tili grammtikasidan farqlaydi.
J. Jalolov fikriga ko’ra, grammatikani o’quvchilarga o’rgatishda asosan ikkita yo’ldan foydalanishimiz mumkin:
1. Induktiv. 2. Diduktiv.
Induktiv usulda o’quvchilarga avval qoida so’ngra esa misol beriladi. Diduktiv usulda esa avval misol so’ngra qoida beriladi. Maktab yoshidagi bolalarga ingliz tilini o’rgatishda avvalo bolalar uchun rang-baranglikka e’tibor berishimiz zarur. Rasmlar asosida yoki qo’shiq va she’rlar orqali ham ingliz tili grammatikasini o’rgatishimiz mumkin. Maktablarda kuzatilayotgan muammolar qatorida o’quvchida darsga nisbatan passivlik, zerikish, diqqatni jamlay olmaslik kabi jihatlar ham mavjud.
Ingliz tilini o’rgatishdagi leksik qiyinchiliklarga kelsak, ular quyidagilar:
- ingliz tilidagi deyarli barcha so’zlar turli ma’nolarni anglatadi. Ya’ni bir so’z birdan oshiq ma’noni anglatadi. M. Norovaning ta’kidlashicha, ingliz tilida bitta so’z maksimal 23ta ma’noni berar ekan.
- Ingliz tili lug’atining ma’lum qismi boshqa tillardan kirib kelganligi;
- Ingliz tilining idiomalarga boyligi hamda bir qancha boshqalar
Xulosa qilib aytganda, chet til o’rganishda qiyinchiliklarga duch kelish tabiiy, albatta. O’qituvchilar o’quvchilarning qayerda qanday qiyinchiliklarga uchrayotganliklarini kuzatib borib uni bartaraf etish yollarini topib o’quvchilarga yengillik yaratib borishlari darkor. Zero, til materiallarini o’zlashtirishdagi qiyinchiliklar nutq faoliyatlarining barcha turlarida ko’nikma xosil qilishlariga to’sqinlik qiladi.
Адабиётлар:
- A. Karimov. ona yurtimiz baxtu iqbol va buyk kelajagi yo’lida hizmat qilish — eng oliy saodatdir. T. O’zbekiston. 2015.
- Mehri Norova. Tarjimada leksik birlik va leksik transformatsiyning qo’llanilishi. Maqola 2-bet.