Estrada aktyorlarini о‘qitishda pedagogning kasbiy kompetentligi masalalari | Статья в журнале «Молодой ученый»

Отправьте статью сегодня! Журнал выйдет 27 июля, печатный экземпляр отправим 31 июля.

Опубликовать статью в журнале

Автор:

Рубрика: Молодой ученый O'zbekiston

Опубликовано в Молодой учёный №21 (259) май 2019 г.

Дата публикации: 27.05.2019

Статья просмотрена: 2 раза

Библиографическое описание:

Валиев С. З. Estrada aktyorlarini о‘qitishda pedagogning kasbiy kompetentligi masalalari // Молодой ученый. — 2019. — №21. — С. 599-602. — URL https://moluch.ru/archive/259/59447/ (дата обращения: 19.07.2019).



Mazkur maqolada zamonaviy san’at ta’limida, xususan estrada aktyorlarini tayyorlash jarayonida pedagogning kompetentligi masalalari о‘rganilgan va tahlil qilingan. Shuningdek, tadqiqot natijasiga kо‘ra uslubiy tavsiyalar ishlab chiqilgan.

Kalit sо‘zlar: san’at, san’at ta’limi, pedagog, kompetentlik, kompetensiya, pedagogik mahorat, pedagogik texnologiya.

В данной статье изучены и проанализированы вопросы компетентности педагогов в сфере современного искусства, в т.ч. в процессе подготовки эстрадных актеров. Разработаны методические рекомендации по результатам исследования.

Ключевые слова: искусство, художественное образование, педагог, компетентность, педагогическое мастерство, педагогические технологии.

Bugungi kunda O‘zbekiston jadal rivojlanmoqda. Biz ajdodlarimizning donishmandlik an’analariga amal qilib, teran anglagan holda, qat’iy islohotlarni amalga oshirmoqdamiz, mamlakatimizning yangi qiyofasini shakllantirish yo‘lidan bormoqdamiz. Jamiyatimizda siyosiy faollik ortib bormoqda, barcha sohalarda chuqur islohotlar amalga oshirilmoqda.

Prezidentimiz Sh.Mirziyoyevning 2017-yil 7-fevraldagi PF-4947-son farmoni bilan tasdiqlangan 2017–2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi mamlakatimiz taraqqiyoti, xalqimiz farovonligini belgilovchi muhim hujjat bo‘ldi.

Ta’lim, madaniyat, ilm-fan, adabiyot, san’at va sport sohalarini rivojlantirish, yoshlarga oid davlat siyosatini takomillashtirish Harakatlar strategiyasining Ijtimoiy sohani rivojlantirish yo‘nalishida belgilangan bo‘lib, bu borada tizimli ishlar olib borilmoqda [1].

Jumladan, muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2017-yil 3-avgust kuni milliy madaniyatimiz, adabiyot va san’atimizni rivojlantirish bilan bog‘liq dolzarb masalalar yuzasidan adabiyot, madaniyat va san’at hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari bilan o‘tkazilgan uchrashuvi bu boradagi muhim vazifalarni hal etishga qaratildi [2].

Adabiyot, san’at, madaniyat bu — inson ma’naviy olamini boyituvchi asosi vosita bo‘lib, bu jarayon bevosita teatr va musiqa san’atining muhim janrlaridan biri bo‘lgan estrada san’atining ham asosiy funksiyasidir.

2012 yil 4 iyunda Birinchi Prezidentimiz I. A. Karimov xalqimiz, millatimiz madaniy taraqqiyotiga ulkan hissa qo‘shuvchi «O‘zbekiston Davlat san’at va madaniyat institutini tashkil etish to‘g‘risida”gi 1771-sonli Qarorini qabul qilgan edi.

Mazkur qaror asosida tashkil etilgan O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutida teatr aktyorligi san’ati jumladan, “Estrada aktyorligi san’ati” ta’lim yo‘nalishi va mutaxassisligi bo‘yicha ham yuqori malakali kadrlar tayyorlab kelinmoqda. Jumladan, A. Z. Qobulov, V. N. Sundukova, B. S. Sayfullayev, M. R. Yusupova, SH. S. Hamidova, M. R. Rashidov, F. E. Ahmedov, J. A. Mamatqosimov, I. Y. Sodiqov, F. T. Egamberdiyev, T. M. Rashidov, N.Xodjikulova kabi professor-o‘qituvchilar pedagogik faoliyati mazkur ta’lim yo‘nalishi va mutaxassisligining rivojlanishi bilan chambarchas bog‘liqdir.

Nomlari qayd etilgan professor-o‘qituvchilar soha bo‘yicha kadrlar tayyorlashda badiiy ijodning zamonaviy metodlari, innovatsion texnika va texnologiyalardan, xalqimizning boy madaniy-tarixiy merosi hamda milliy va umuminsoniy qadriyatlar uyg‘unligi asosida o‘ziga xos xususiyatlarga ega bo‘lgan milliy teatr maktabi va badiiy ijod mahoratini rivojlantirishni bosh maqsad sifatida targ‘ib etib kelmoqda.

San’at sohasi, xususan, musiqa, estrada san’ati tarixi, rivojlanishi, mazkur san’at turlarining spetsifikasi, ijodkorlari va ijrodagi o‘ziga xoslikning ilmiy-nazariy va amaliy jihatlarini yoritish maqsadida ko‘plab xorijiy va o‘zbek olimlari izlanishlar olib borishgan.

Jumladan, John W. Kirk, Ralph A. Bellas, Stanislavskiy K. S. kabi xorijlik tadqiqotchilar va mutaxassislar [6, 13], Qodirov M. X. Usmonov R. I. Sayfullayev B. S. Ahmedov F. E. Mamatqosimov J. A. Mahmudov J. Umarov M. Hamidova Sh.S. Yusupova M. R. Rashidov T. M. kabi o‘zbekistonlik tadqiqotchilar va soha mutaxassislari [11, 15, 12, 3, 14, 5] mavzuga oid o‘z qarashlarini ilmiy tadqiqot ishlari, darsliklar, o‘quv qo‘llanmalar va uslubiy ko‘rsatmalari orqali yoritishgan.

Zamonaviy san’at ta’limida ham yetuk va mahoratli san’atkorlarni tarbiyalash, ularni davrning ilg‘or kishilari sifatida kamol topishida pedagogning zamonaviy qiyofasi muhim jarayondir.

XXI asr pedagogikasining eng birlamchi talabi bu pedagogning komptentligi bo‘lib, o‘z o‘rnida bu jarayon soha rivoji va taraqqiyotini ta’minlaydi.

Kompetensiya — u yoki bu soha bo‘yicha bilimdonlik [10, b.62]. “Kompetensiya” (lot. competo — erishayapman, munosibman, loyiqman) — 1) muayyan davlat organi (mahalliy o‘zini o‘zi boshqarish organi) yoki mansabdor shaxsning qonun, ustav yoki boshqa hujjat bilan belgilangan vakolatlari, huquq va burchlari doirasi; 2) u yoki bu sohadagi bilimlar, tajriba [16, b. 682].

Kompetentlik tushunchasi deganda ma’lum bir sohada talaba (masalan, bo‘lajak o‘qituvchi) tomonidan egallangan kompetensiya, ya’ni ma’lum bir sifatlarning to‘liq shakllangan majmui tushuniladi [4, b. 55]. Kompetentlilik tushunchasi (lotinchadan competenlia, compete so‘zidan olingan bo‘lib — “birgalikda erishaman, qozonaman, mos kelaman, to‘g‘ri kelaman” degan ma’noni beladi) lug‘atlarda esa “nimadir to‘g‘risida fikr yuritishga yo‘l beradigan bilimlarga ega bo‘lish”, “xabardor bo‘lmoq, huquqli bo‘lmoq” degan ma’noni bildiradi.

Amalda barcha lug‘at tuzuvchilar “kompetentlik” va “kompetensiya” kategoriyalarini chegaralab qo‘yadi. Kompetentlik ta’rifi o‘xshash va bir-birini o‘rnini egallaydi (to‘ldiradi), shu bilan bir vaqtda kompetensiya so‘zi uchun yagona izohlash yo‘q, bu tushuncha “vakolatlar yig‘indisi (huquq va majburiyatlar) qandaydir organ yoki lavozimli shaxsning qonun, nizomlar bilan belgilab qo‘yilgan ushbu organ yoki boshqa holatlar”, “nimanidir to‘g‘risida fikr yuritishga yo‘l beradigan bilimlarga ega bo‘lish (egalik qilish)”, “kimdir yaxshi xabardor bo‘lgan savollar to‘plami (sohasi)” tushuniladi [7, b. 209–210].

Hozirgi kunda “kompetensiya” atamasi turli sohalarda qo‘llaniladi: huquqshunoslik, tilshunoslik, madaniyat sohalarida, shuningdek tashkilot, muassasa yoki kompaniyaning muhim kompetensiyalari.

Tadqiqotchilar o‘z tadqiqotlarda kompetensiyaning turli ta’lim yo‘nalishlarida turli jihatdan tahlil qilingan. N. A. Muslimov bo‘lajak kasb ta’limi o‘qituvchilarining kasbiy kompetentliklarini shakllantirishda tayanch, umumiy va maxsus kompetentlik darajalarini shakllantirish muhimligini aniqlagan. Tayanch kompetenlikliklar — ta’lim oluvchining ta’lim jarayoni nihoyasida ega bo‘lgan barcha tushunchalari, bilimi, ko‘nikma va malakalaridir. Xulq-atvori va fikrlashi keng ma’nodagi “kompetentlik” tushunchasiga kiritiladi.

Ta’lim jarayonining maqsadi ta’lim oluvchining kompetentliklarini rivojlantirishni rag‘batlantirish hisoblanadi. Kompetentliklarni ikki turga ajratish mumkin: 1) o‘quv fani yoki ta’lim yo‘nalishi bilan bevosita bog‘liq bo‘lgan kompetentliklar — ixtisoslikka oid maxsus kompetentliklar; 2) barcha ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha ham muhim hisoblanadigan kompetentliklar — umumiy kompetentliklar. Umumiy kompetentliklar ba’zan “transversal ko‘nikmalar” deb ataluvchi, ya’ni, barcha yoki ko‘pchilik fanlar yo‘nalishlariga xos bo‘lgan ko‘nikmalarga o‘xshab ketadi. Umumiy kompetentliklarning qanchalik muhimligi to‘g‘risidagi bilimlarni rivojlantirish maqsadida ularning eng muhimlarining ro‘yxatini tuzib olish zarur, ularning ahamiyati va oliy ta’lim muassasalarida rivojlantirilayotgan kompetentliklarga mos kelish darajasi aniqlanishi kerak.

Kompetentlik turlarining umumiy tomonlari va farqlari aniqlanib, ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha maxsus kompetentliklar ro‘yxati shakllantirilishi kerak. Maxsus kompetentliklar guruhidan ularning qaysi birlari birinchi bosqichda, qaysisi ikkinchi bosqichda va qaysilari uchinchi bosqichda muhimligi, shuningdek, qaysi bosqichlari ularni rivojlantirish kerakligi aniqlanadi [8, b. 9–10].

Shuningdek, o‘z tadqiqotida masalali-faoliyatli modelda ta’lim mazmuni uch darajada:

– tayanch kompetentlik (o‘quv rejasidagi barcha blok fanlari uchun);

– fanlararo kompetentlik (o‘quv rejasidagi bir blok fanlari to‘plami uchun);

– predmet doirasidagi kompetentlik (o‘quv rejasidagi bir fan yuzasidan) shaklida keltirilgan [10, b. 127].

Kompetentlik uch muhim omil bilan bog‘liq bo‘lgan zamonaviy pedagogik texnologiyalarni o‘zlashtirishni nazarda tutadi:

– boshqa odamlar bilan munosabatlar madaniyatini;

– o‘z faoliyat sohasi haqida axborot olish ko‘nikmasini;

– o‘quv axborotini boshqalarga berish ko‘nikmasini.

Shunday qilib, professional-pedagogik kompetentlik quyidagi asosiy komponentlar bilan tavsiflanadi:

– shaxsiy-insoniy mo‘ljal;

– pedagogik jarayonni tizimli idrok etish;

– o‘z faoliyati sohasida mo‘ljal ola bilish;

– pedagogik texnologiyalarni o‘zlashtirganlik.

Hozirgi paytda oliy o‘quv yurti professor-o‘qituvchisidan talab qilinadigan kompetentlik quyidagi turlarga ajratiladi:

– professor-o‘qituvchi tomonidan o‘z bilimini muntazam ravishda boyitib borish, egallagan malakalarini takomillashtirishga tayyor bo‘lish, zamon yangiliklaridan boxabar bo‘lish;

– ta’lim jarayonida axborot kommunikatsiya, informatsion texnologiyalari va o‘qitish vositalarining barcha turini qo‘llay olish ko‘nikma va malakasiga ega bo‘lish;

– anglangan va mustaqil faoliyat (mustakil fikr, maqsad qo‘yish, o‘quv adabiyoti va qo‘shimcha manbalardan to‘g‘ri foydalana olish);

– tashabbuskorlikda o‘z harakatlari uchun javobgarlikni his qila olish;

– tanqidiy fikr yurita olish va dars jarayonida yuzaga kelgan muammoli vaziyatlarni ijobiy hal eta olish;

– hamkorlik, o‘zaro bir-birini tushunish, empatiya bildirish, o‘zaro hurmat va ishonchga asoslangan pedagogik muloqotni o‘rnata olish;

– chuqur kasbiy bilimdonlikka ega bo‘lish.

Hozirgi zamon oliy o‘quv yurti professor-o‘qituvchisining kasbiy bilimdonligi va kobiliyati mezonlariga quyidagilar kiradi:

Ijtimoiy bilimdonlik — dars mobaynida auditoriya bilan samarali o‘zaro muomala shaklini tashkil eta olish, yoshlar bilan til topish va sog‘lom ma’naviy muhitni hosil qila olish qobiliyati.

Uslubiy bilimdonlik — barcha bilimlarini, ko‘rgan-kechirganlarni yoshlarga tushunarli, ravon tilda yetkaza olishi, ta’lim texnologiyasi va metodlaridan samarali foydalanishi.

Ixtisoslik bilimdonligio‘z fani va predmeti sohasi bo‘yicha chuqur va har tomonlama mukammal bilimlarga ega bo‘la olishi, o‘z ustida ishlash qobiliyati.

Bugungi talaba ilmga, yangiliklarga bo‘lgan kuchli qiziqishi, shuningdek, zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari yangiliklaridan boxabarligi sababli anchagina ma’lumotlarga ega, uning extiyojlar tizimini, o‘qituvchiga bo‘lgan talab-takliflarini aniq bilib til topisha olgan shaxsgina pedagogik jarayonda katta yutuqlarga erishadi.

Adabiyotlar:

  1. О‘zbekiston Reyespublikasi Prezidentining “О‘zbekiston Respublikasini yanada rivojlantirish bо‘yicha Harakatlar strategiyasi tо‘g‘risida”gi Farmoni. // О‘zbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari tо‘plami. — Toshkent: 2017.
  2. Mirziyoyev SH. M. Adabiyot va san’at, madaniyatni rivojlantirish — xalqimiz ma’naviy olamini yuksaltirishning mustahkam poydevoridir // О‘zbekiston ijodkor ziyolilari vakillari bilan uchrashuvdagi ma’ruzasi. Xalq sо‘zi. 2017 yil 4 avgust.
  3. Ahmedov F. E. Ommaviy bayramlar rejissurasi asoslari. — Toshkent: Aloqachi, 2008. — 424 b.
  4. Aliyev I. T. Pedagogning kasbiy kompetentligi // Uzluksiz ta’lim tizimida о‘qituvchilarni kasbiy-pedagogik kompetentligini rivojlantirish muammolari va istiqbollari: Resp. ilmiy-amaliy anjumani materiallari. — Toshkent: Nizomiy nomidagi TDPU, 2013. — 444 b.
  5. Hamidova Sh.S. Estrada teatri va uning janrlari. –Toshkent: 2009.– 75 b.
  6. John W. Kirk, Ralph A. Bellas. The art of Directing. USA, Coloforniya, 1985.
  7. Mannopov J., Xolmatova A. Kasb ta’limi о‘qituvchisining mustaqil pedagogik faoliyat yurita olish kompetentligini shakllantirish // Uzluksiz ta’lim tizimida о‘qituvchilarni kasbiy-pedagogik kompetentligini rivojlantirish muammolari va istiqbollari: Resp. ilmiy-amaliy anjumani materiallari. — Toshkent: Nizomiy nomidagi TDPU, 2013. — 444 b.
  8. Muslimov N. A. Bо‘lajak kasb ta’limi о‘qituvchilarining kasbiy kompetentligini shakllantirish // Uzluksiz ta’lim tizimida о‘qituvchilarni kasbiy-pedagogik kompetentligini rivojlantirish muammolari va istiqbollari: Resp. ilmiy-amaliy anjumani materiallari. — Toshkent: Nizomiy nomidagi TDPU, 2013. — 444 b.
  9. Muslimov N. A. Kasb ta’limi о‘qituvchisini kasbiy shakllantirishning nazariy-metodik asoslari: Dis.... ped.f.d. — Toshkent, 2007. — 349 b.
  10. Pedagogikadan atamalar lug‘ati. — Toshkent: Fan, 2008. — 196 b.
  11. Qodirov M. X. O‘zbek teatri tarixi. — Toshkent: Ijod dunyosi, 2003. — 240 b.
  12. Sayfullaev B. S., Mamatqosimov J. A. Aktyorlik mahorati. — Toshkent: Fan va texnologiya, 2012. — 388 b.
  13. Stanislavskiy K. S. Aktyorning o‘z ustida ishlashi. — Toshkent: Yangi asr avlodi, 2010. — 468 b.
  14. Umarov M. Estrada va ommaviy tomoshalar tarixi. — Toshkent: Yangi asr avlodi, 2009. — 324 b.
  15. Usmonov R. I. Rejissura. — Toshkent: Fan, 1997. 222 — b.
  16. О‘zbekiston milliy ensiklopediyasi. 4-jild. Zebunniso-Konigil. — Toshkent: О‘zbekiston milliy ensiklopedyasi, 2002. — 704 b.


Задать вопрос