Библиографическое описание:

Артиков М. Э. Оrol bo’yi ekologik hududida keng tarqalgan kasalliklar ma’lumotlar bazasini loyihalash // Молодой ученый. — 2016. — №12.4. — С. 9-11.

 

Jamiyatning urbanizatsiya jarayonidagi tabiatga yetkazilgan zarar dunyoning turli joylarida iqlimiy-geografik o’zgarishlarga sabab bo’ldi. Inson faoliyati iqlimiy sharoitni murakkab holatga keltirgan shunday zonalardan biri Orol bo’yi hududi hisoblanadi. Hudud aholisining hayot tarzini yaxshilash, bolalar va kattalar salomatligini tiklash, tibbiy yordam ko’rsatish va profilaktika chora-tadbirlarini ishlab chiqish masalalari mazkur muammoni dolzarb ekanligini ko’rsatadi va olimlar va davlat arboblarining muntazam e’tiborini talab qiladi [1, 2].

O’zbekiston Respublikasi Prezidenti I. A. Karimov Birlashgan Millatlar tashkiloti Bosh assembleyasining 1993-yil 28-sentbrdagi 48-sessiyasida jahon hamjamiyati e’tiborini Orol dengizi muammolariga qaratgani, Bosh assembleyaning 1995-yil 24-oktabridagi 50-sessiyasida Orol fojiasidan aziyat chekayotgan davlatlarning vakillari jahon hamjamiyatiga murojaat qilib, dengizni va Orolbo’yi hududini asrash bo’yicha yordam ko’rsatishga chaqirganlari bejiz emas [3].

Shu o’rinda ta’kidlash joizki, bu global muammo o’z navbatida aholining kasallanish ko’rsatkichlariga salbiy ta’sir qilayotganligi hech birimizga sir emas. Orol bo’yi mintaqasida yurak qon-tomir, nafas olish yo’llari kasalliklari, onkologik kasalliklar yildan-yilga ko’paymoqda [4]. Bu holat o’z navbatida tibbiyot sohasi vakillarining yanada jadal sur’atlar bilan ishlashlarini talab qilmoqda. Buni amalga oshirish uchun tibbiyot muassasalarini axborotlashtirishda zamonaviy texnologiyalardan foydalanishni joriy etish maqsadga muvofiqdir.

Tibbiyotni axborotlashtirishning zamonaviy yo’nalishi fundamental bilimlar kompyuter bazalarini yaratish, kompyuter komplekslari yordamida sog’liqni nazorat qilish, ma’lumot uzatish va telekommunikatsiya tizimlarini joriy qilish, shifokorlar qaror qabul qilishini qo’llab-quvvatlovchi tizimlarni yaratish va davolash muassasalarining axborot infrastrukturasini yaratishni ko’zda tutadi [5].

Axborot tizimlarining qo’llanilishi davolash muassasalarida optimal boshqarish va tibbiy xizmat ko’rsatish sifatini oshirishning instrumental vositasi hisoblanadi. Tibbiyot axborot tizimlar maqsadi va vazifalariga ko’ra quyidagi sinflarga ajratiladi:

-                     tibbiy-texnologik;

-                     ma’lumot beruvchi;

-                     ilmiy-tadqiqot;

-                     statistika yurituvchi;

-                     o’rgatuvchi va boshqalar [6].

Tibbiyot axborot tizimlarining asosiy funksiyalari quyidagilar:

-                     tibbiy hujjatlar yuritish;

-                     tibbiy texnologiya va texnikani qo’llab-quvvatlash;

-                     tibbiy axborotlarni ma’lumot, klassifikator, ashyoviy manbalar bazasi ko’rinishida tasvirlab berish;

-                     hujjatlar aylanmasini avtomatlashtirish;

-                     bemorlar va ularga ko’rsatilgan tibbiy xizmatlar hisobotini yuritish;

-                     moliyaviy va tibbiy resurslarni boshqarish;

-                     davlat tibbiy statistik hisobotini yuritish va umumiy qilib aytganda tibbiy muassasaning axborot makonini yaratish va joriy qilishdan iborat [7].

Yuqorida ko’rsatilgan vazifalarni amalga oshirish ma’lumotlar bazasi(MB)ni shakllantirishni taqozo etadi va aytish mumkinki, MB axborot tizimlarining eng asosiy komponentasi hisoblanadi.

Ma’lumotlar bazalarini boshqarish tizimi (MBBT) — ma’lumotlar bazalarini yaratish va qo’llashni boshqaruvchi umumiy va maxsus dasturiy va lingvistik vositalar to’plami [8].

Odatda aksariyat MB bilan bog’liq dasturlarni ishlab chiquvchilar  relyatsion MBBTlarni afzal ko’radilar [9]. Hozirgi kundagi eng ko’p foydalanilayotgan relyatsion MBBTlarga MySQL, PostgreSQL, Microsoft SQL Server, Oracle Database kabilarni misol tariqasida keltirsa bo’ladi.

Foydalanishga qulay va osonligini hisobga olgan holda, shakllantiriladigan MBni MySQL MBBTni muhitida yaratish maqsadga muvofiq. Ma’lumotlar bazasi Respublika ixtisoslashtirilgan Kardiologiya markazi (RIKM) Xorazm viloyati filiali misolida ko’rib chiqiladi.

MB sxemasi MySQL Workbench dasturiy muhitida yaratiladi.

Keltirilgan (1-rasm) sxemadan ko’rish mumkin-ki, asosiy bog’lovchi jadval sifatida “Tashrif” (tbl_visit) jadvali keltirilgan. Sxemaning chap tarafida joylashgan tahlillar jadvallari bevosita “Tashrif” jadvaliga tegishliligi ko’rsatilgan. “Tashrif” jadvali esa o’z navbatida “Bemor” (tbl_patient) jadvaliga tegishli hisoblanadi. Bemorning qabuli mobaynida orqali yozib olingan ma’lumotlar “Qabul” (tbl_receive) jadvalida joylashadi. Bu jadvalni qabul qilgan “Shifokor” (tbl_doctor) to’ldiradi. “Shifokor” esa, o’z navbatida, “Bo’lim” (tbl_department)ga tegishli ekanligi ma’lum. Shifokor qabul paytida bemor shikoyatlari va undagi alomatlarni tinglagan holda, alomatlarni belgilab olishi imkoniyatini yaratish maqsadga muvofiq. Bu ish “Qabul-Alomat” (tbl_receive_symthoms) jadvali orqali amalga oshirilishi ko’zda tutilgan. “Alomatlar” (tbl_sympthoms) va “Kasalliklar” (tbl_diseases) jadvallari ham “Alomat-Kasallik” (tbl_symptoms_diseases) jadvali orqali o’zaro bog’lanadi.

 

Rasm 1. Ma’lumotlar bazasi jadvallarining o’zaro bog’langanlik sxemasi

 

Kasallik belgilari           Kasalliklar

Rasm 2. Kasallik belgilarining kasalliklarga bog’liqligi

 

Bitta kasallikka bir nechta kasallik belgilari bog’liq bo’ladi (2-rasm). O’z navbatida bir kasallik belgisi bir nechta kasallikda ham uchrashi mumkin. Shuning uchun MBda “Alomat” (tbl_sympthoms) va “Kasallik” (tbl_disease) jadvallari ko’pga-ko’p (MANY_MANY) bog’lanishi ko’rinishida bo’ladi. Kasallik belgilari faqatgina “Alomat” (tbl_symthoms) jadvalida joylashmaydi. Kasallik belgilariga turli xil tahlil ma’lumotlari ham kiradi. RIKM Xorazm viloyati filialida mavjud tahlil apparatlaridan kelib chiqqan holda, har bir tahlil turi uchun MBda mos jadvallar yaratiladi. Ular quyidagilar: Qon tahlili, Rentgen, SMAD, VEM, Holter, EKG, EXO KG, Biohimiya tahlili, Siydik tahlili, Koagulogramma.

Bundan tashqari, RIKM Xorazm viloyati filialida hujjat aylanish tizimini yaratish uchun qo’shimcha yordamchi jadvallarni shakllantirish maqsadga muvofiq. Masalan, bemorlar navbatlarni tartibga solish muammosini yechish davolash muassasasida katta ahamiyatga ega. Bu orqali shifokorlar ish faoliyati optimal tashkil etishga erishiladi. MBda navbatlarni ifodalash uchun 2ta jadval: “Shifokor navbati” (tbl_queue) va “Laboratoriya navbati” (tbl_labs) javob beradi.

Ushbu maqolada tibbiyot muassasasining ma’lumotlar bazasini yaratish va uni ma’lumotlarni intellektual tahlilini o’tkazishga moslab yaratish lozimligi haqida fikr yuritildi. Ushbu turdagi ma’lumotlar bazalarining ma’lumotlar bilan to’ldirilishi kelajakda uning ustida data mining masalalarini qo’llash uchun poydevor yaratadi.

 

Adabiyotlar:

 

  1. Ким С. В. Здоровье населения и экономический фактор // Проблемы социально- гигиенического здравоохранения и истории медицины. 2001. № 5. С. 6–8.
  2. Рустамова Х. Е., Бободжонов Н. К., Стожарова К. У., Эшбоева К. У. Ретроспективный анализ заболеваемости населения Узбекистана // Вестник ТМА. 2011. № 3.С. 97–99.
  3. http://uchildiz.uz
  4. http://avuz.uz
  5. Информатизация клинической медицины. В. А. Лищук. «Клиническая информатика и телемедицина». 2004. Т.1. № 1. с.17–27.
  6. http://www.armit.ru
  7. Медицинские информационные системы: теория и практика / Под ред. Г. И. Назаренко, Г. С. Осипова. — М.: ФИЗМАТЛИТ, 2005. — 320 с.
  8. ГОСТ Р ИСО МЭК ТО 10032–2007: Эталонная модель управления данными (идентичен ISO/IEC TR 10032:2003 Information technology — Reference model of data
  9. Фаулер, Мартин. Архитектура корпоративных программных приложений. Пер. с англ. — М.: Издательский дом «Вильямс», 2007. — 544с.: ил.

Обсуждение

Социальные комментарии Cackle